Samarqandda erkak “dom”ga basseyn qurib olgani aniqlandi. Aholi shikoyatidan soʻng, fuqaro jarimaga tortildi (foto).
Samarqandda koʻp qavatli uyning penthaus qismida oʻzboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, aholi murojaatiga asosan oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahri “Sugʻdiyona” mahallasidagi 67-A sonli koʻp qavatli uyning 10-qavati — penthaus qismida oʻzboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, ushbu qurilma koʻp qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan boʻlib, seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, uyning mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin.
Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi va noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berildi.
“Berilgan vaqt ichida mulkdor holatni oʻz ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa, unga nisbatan tegishli tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga davo arizasi kiritilishi tushuntirildi”, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!