Jamiyat

Aziz Voitovga oid sud ishida jurnalistlar faoliyati cheklab qoʻyildi

Aziz Voitovga oid sud ishida jurnalistlar faoliyati cheklab qoʻyildi

“Aziz Voitov sudi jamoatchilik uchun ochiq tarzda oʻtkazilishi kerak” — antikorrupsiya agentligi sobiq vazirga oid sud ishida jurnalistlar faoliyati cheklab qoʻyilganiga munosabat bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatga munosabat bildirib, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar ochiq sud majlisida koʻrilishi kerakligini maʼlum qildi.

«Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar boʻyicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan.

Shunga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur sud majlisi yuqoridagi Farmon talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda oʻtkazilishi maqsadga muvofiq ekanligini maʼlum qiladi», deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga oid jinoyat ishi sudda koʻrib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasining (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandi, 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sudning 6 sentyabr kuni davom etgan navbatdagi majlisida OAV vakillarining faoliyati cheklab qoʻyildi. Ularga sud majlisida foto, video va audiomaterial olish taqiqlangan. OAV vakillari shundan soʻng sud zalini tark etgan.