Jamiyat

Joʻrayevlar sud ishi yakunlandi

Joʻrayevlar sud ishi yakunlandi

 Ekspertiza javoblari eʼlon qilindi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudida xonanda Botir Qodirovning otalikni belgilash haqidagi daʼvosi yuzasidan sud qarori oʻqildi. Sud Botir Qodirovni Sherali Joʻrayevning oʻgʻli deb topdi.

“Botir Qodirovning javobgarlar Joʻrayev Shoxjahon Sherali oʻgʻli va Joʻrayev Zohirshox Sherali oʻgʻliga nisbatan otalik faktini belgilash haqidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum, 2023 yil 4 fevralda vafot etgan Sherali Joʻrayev 1981 yil 5 mayda tugʻilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin”, deya sud qarorini oʻqigan ishni koʻrgan sudya.

Shuningdek, qarorda Botir Qodirovning Andijon shahar FHDYO boʻlimida 1983 yil 11 mart 12-son bilan qayd etilgan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota ustuniga “Sherali Joʻrayev, 1945 yil tugʻilgan, millati oʻzbek” deb koʻrsatish ham belgilangan.

Sudning hal qiluv qarori 1 oydan soʻng kuchga kiradi. Qarordan norozi taraflar apellyatsiya shikoyati berishi mumkinligi aytilgan.

Kun.uz Sherali Joʻrayevning oʻgʻli Zohirshox Joʻrayev bilan bogʻlanib, sud qaroriga nisbatan munosabatini soʻradi. Xonanda hal qiluv qarori gʻayriqonuniy ekanini, dalil va isbotlar yetarli boʻlmay turib, bunday qarorga kelinganini, shu bois uning ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini maʼlum qildi.