Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
To‘rt yil avval bu boradagi ishlar boshlanganida 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmas edi.
Shu davrda aholimiz 3,7 millionga ko‘paydi, kambag‘allik chegarasi ham tegishli ravishda 1,5 karra oshirildi.
Bunga qaramasdan, 3,5 million odamni daromadli qilish hisobiga 2023-yil yakuni bilan kambag‘allikni 11 foizga pasaytirishga erishildi.
Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra oshirilib (466 ming oiladan 2,2 millionga), o‘tgan yili bu maqsadlarga 12,3 trillion so‘m ajratildi. Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar ko‘paytirildi.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion so‘m arzon kredit, 7 trillion so‘m subsidiya berilgani taʼkidlandi.
Mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trillion so‘m ajratildi.
Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming aholi, avvalo yoshlarga dehqonchilik qilish uchun daromad keltiruvchi aktiv sifatida tarqatildi.
Yaqinda mamlakatimizda bo‘lgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori bu nafaqat ish o‘rni va daromad, balki oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda juda to‘g‘ri yo‘l ekanini eʼtirof etdi.
O‘tgan oyda Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga kelgan 60 dan ortiq mamlakat ekspertlari O‘zbekiston qisqa muddatda yaratgan tajribani yuqori baholadi.
Prezident kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda ham bir xil emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Masalan, o‘tgan olti oyda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda kambag‘allik 2 foizdan ortiq kamaygan bo‘lsa, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahrida o‘zgarish bo‘lmagan.
Respublikaning 15 ta tumanida kambag‘allik 20 foizdan yuqori. Bular – Amudaryo, Beruniy, Qonliko‘l, Nukus, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Gurlan, Yangiariq, Yangibozor va Tuproqqalʼa.
Bu tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish uchun uch yilda 1,7 trillion so‘mlik arzon kredit va subsidiya berilgan bo‘lsada, o‘zgarish bo‘lmagan.
Aholiga bo‘lib berilgan yerlar bo‘yicha 17 ta tumanda 2-3 martadan hosil olish hisobiga kambag‘allik 2 karra kamaydi. Bular – Paxtaobod, Baliqchi, Gurlan, Xonqa, Oltiariq, Dang‘ara, Konimex, Boyovut, Jomboy, Shofirkon, Sh.Rashidov, Zomin, Shahrisabz, Bandixon, O‘rtachirchiq, Bo‘ka, Taxiatosh tumanlari.
Lekin, 14 ta tuman – Qonliko‘l, Shumanay, Qorovulbozor, Peshku, Chiroqchi, Muborak, Nurobod, Oqoltin, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq, Ohangaron, Parkent, Tuproqqalʼada o‘zgarish sezilmayapti.
Tuman hokimlari, ularning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlariga bu boradagi faoliyati sustligi bo‘yicha qatʼiy eʼtiroz bildirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!