Jamiyat, Jinoyat

Inbazar rahbariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi

Inbazar rahbariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi

Inbazar savdo markazi rahbari Omadtillo Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.

Qayd etish joizki, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolardagi holatlar eski bo‘lib, muqaddam hech kim ariza bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Hozir videoda aks etgan shaxslarning shaxsi aniqlanib, tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, 14 sentyabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan Inbazar savdo markazi filialida xodim do‘konning boshqa bir vakili tomonidan kaltaklangandi. Ko‘p o‘tmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zo‘ravonga jazo ko‘rilishini aytib chiqdi. O‘z xodimini kaltaklagan savdo markazi vakiliga nisbatan esa ichki ishlar organlari tomonidan chora ko‘rilgandi.

15 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Inbazar savdo markazi rahbari Omadtillo Xolmatovning o‘zi xodimlarini do‘pposlayotgani yoxud kimlar orqalidir kaltaklatayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Tarmoqlarda sizdirilgan videolardan birida u xodimini yerga yotqizib urayotgani, tepkilayotganini, ikkinchi bir videoda esa ko‘chada o‘zi va boshqa ikki odam bilan yana bir yigitni urishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. Har bir video davomida Omadtillo Xolmatov xodimlarini haqoratlab, ularni urishtirishga va o‘zi ham urishga intilgan. Va rahbar bu jarayonlarni videoga ham olgan. Xodimlarini esa kaltaklagan. Savdo markazi boshlig‘i, shuningdek, ularni boshqa shunday holat kuzatilsa, ayab o‘tirmasligi bilan qo‘rqitgan. Bundan tashqari, Inbazar rahbari Xolmatov ularni itlarga g‘ajitishini ham ta’kidlagan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa Inbazar va uning mahsulotlariga boykot e’lon qilmoqda.