Boysundagi kondan yana zaharli gaz sizib chiqdi. Vafot etganlar va jabrlanganlar bor.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konida 17 sentyabr kuni tushdan keyin yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz berdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga hududdagi manbalar xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan olingan videolar paydo boʻldi.
Holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etdi.Bu haqdagi maʼlumotni 18 sentyabr kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtayev tasdiqladi.
“Haqiqatan, kecha siz aytgan oʻsha noxush holat boʻyicha, 2 nafar oʻlgani boʻyicha, voqea joyiga viloyat prokurorining oʻzi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — dedi u
Uning qoʻshimcha qilishicha, hozirda vaziyat natijasida vafot etganlardan tashqari jarohatlangan fuqarolar ham mavjud.
“Oʻlim holati boʻlgan. Ikki nafar shaxs oʻlgani toʻgʻrisidagi holat bor. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda. Natijasi boʻyicha sizlarga maʼlumot beriladi”, — dedi Bosh prokuratura xodimi.
Bugun soat 18:00 da Boysun tumani hokimligi binosida mazkur vaziyat boʻyicha favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qoʻldoshev hamda energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov ishtirokida brifing boʻlib oʻtadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!