Madaniyat

Samarqandda Xalqaro konferensiya o’z ishini boshladi

Samarqandda Xalqaro konferensiya o’z ishini boshladi

Samarqand shahrining “Silk Road” majmuasida O‘zbekiston Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” g‘oyasi asosida “Mahalliy aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Unda  mahalla instituti va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini xorijda keng targ‘ib etish, bu borada chet davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda o‘zaro hamkorlik o‘rnatish maqsadida dunyoning ko‘plab nufuzli tuzilmalari hamda 70 dan ortiq mamlakatlar ekspertlari yagona platformaga birlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro anjumanda BMTningO‘zbekistondagi vakolatxonasi,  Unicef, UNDP, UNODC, UNFPA, USAID kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi elchilari, o‘zbekistonlik soha mutaxassislari, olimlar, mahalla faollari ishtirok etishmoqda.

“Mahalla yettiligi” Prezident tomonidan ilgari surilgan va bugun o‘zini oqlagan tizim. Konferensiyada dunyoning nufuzli ekspertlari o‘zini-o‘zi boshqarish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar siyosati, ijtimoiy himoya,  mahallada tadbirkorlikni keng tadbiq etish kabi yo‘nalishlarda jahondagi eng ilg‘or tajribalarni o‘rganadi.

Konferensiyada shuningdek, mahalla tizimini keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan tayyorlangan milliy mahalla tizimi faoliyatini aks ettiruvchi maxsus hujjatli film namoyish etiladi.

Anjuman so‘ngida konferensiya natijalariga doir tomonlarning yakuniy deklaratsiyasi imzolanadi. (O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, UN hamda USAID)