Iqtisod, Jahon

Qirgʻiziston goʻsht eksportini vaqtincha taqiqladi

Qirgʻiziston goʻsht eksportini vaqtincha taqiqladi

Qirgʻizistonda Oʻzbekistonga eksport qilinishi tufayli goʻsht keskin qimmatlashdi, deya xabar bermoqda «Akchabar» Qirgʻiziston Antimonopoliya xizmatiga tayangan holda.

Qayd etilishicha, 2024-yil sentyabr oyida Qirgʻiziston bozorlarida goʻsht narxining keskin koʻtarilishi iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga solgan. Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilning avgustidan sentyabrigacha boʻlgan davrda mol goʻshti narxi sezilarli darajada – 38,54 somga yoki 6,76 foizga oshgan.

Joriy yilning avgust oyida mol goʻshtining oʻrtacha narxi bir kilogramm uchun 570,23 som (86,4 ming soʻm) etib belgilangan boʻlsa, sentyabr oyidayoq bu koʻrsatkich 608,77 somga (qariyb 92 ming soʻm) yetgan.

Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentyabrdagi an’anaviy toʻy mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab boʻlganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda Oʻzbekiston va Tojikistonga goʻsht eksporti sezilarli darajada oshgani asosiy omil boʻlgani ma’lum qilindi.

«Hozirda katta hajmdagi goʻsht Oʻzbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bunga javoban respublikadan goʻsht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi», — dedi Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar boʻlimi boshligʻi Sirgak Omorov «Akchabar»ga.

Goʻsht eksportiga qoʻyilgan vaqtinchalik taqiq oʻtgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentyabr oyi boshida oʻsish deyarli 100 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.

Qirgʻiziston Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston Qirgʻizistondan 11,9 million dollarlik 61 ming boshdan ortiq tirik qoramol olib kelgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 barobar koʻp (6,4 million dollarga 12,8 ming bosh).

2023-yilda Oʻzbekiston 28,3 million dollarga 101,3 ming bosh chorva mol import qilgan, bu 2022-yilga (16,9 million dollarga 20 mingdan ortiq) nisbatan 5 barobar koʻp.

Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, yanvar-avgust oylarida qoramol goʻshtining umumiy importi 206,9 million dollarga 58,4 ming tonnani tashkil etgan, bu oʻtgan yilning sakkiz oylik koʻrsatkichidan (144.6 million dollarga 34,6 ming tonna) 1,5 barobar koʻp.