O‘zbekiston

Ekopartiya: tabiatning bugungi ovoziga quloq tutaylik!

Ekopartiya: tabiatning bugungi ovoziga quloq tutaylik!

O‘zbekiston Ekologik partiyasi “Tabiat uchun birlashaylik” shiorini ilgari surgan holda barchani tabiatning bugungi ovoziga quloq tutishga chaqirmoqda. Partiyaning yangi Saylovoldi platformasida xalqimizning qulay atrof-muhitga ega bo‘lishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Jumladan, partiya tuman (shahar)larning bosh rejasi tasdiqlanmagunga qadar qurilish ishlarini to‘xtatib turish, mamlakatning yo‘l infratuzilmasi uchun ajratiladigan summaning muayyan qismini majburiy ravishda piyodalar yo‘lakchalarini tashkil etishga yo‘naltirish, shaharlararo velosiped harakati uchun infratuzilma yaratish, avtomobil yo‘li qatnov qismi hisobidan skuterlar va velosipedlarda harakatlanish uchun alohida yo‘laklar tashkil etish, 2030 yilga qadar yirik shaharlarda yo‘lovchilarning velosipedda harakatlanishi ulushini 20 foizga yetkazish tarafdori.

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida jamoat transportidan doimiy foydalanuvchi shaxslar uchun yo‘l haqini arzonlashtirib borish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish ilgari surilmoqda.

Oqova suvlarni tozalash inshootlari samaradorligi past bo‘lgan hududlarda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish, aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan korxonalar faoliyatini ekologik talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatish tartibini kiritish kabi maqsad-vazifalar atrof-muhit musaffoligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Partiya tashkilotlari va nomzodlar tomonidan joylarda faollik bilan olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida aholi vakillari partiyaning ekologiyani asrash sohasidagi tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlashlarini bildirmoqda.