Iqtisod

O‘zbekistonda YAIMning real o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda

O‘zbekistonda YAIMning real o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda
Markaziy bank Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyat va moliya sektorining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan panel sessiyasini o‘tkazdi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari B.Hamrayev mamlakatimizdagi makroiqtisodiy vaziyat, inflyatsiya darajasini pasaytirish va moliya sektorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan strategiyalar va iqtisodiy siyosatga doir ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Mamlakatimizdagi tarkibiy islohotlar hisobiga iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, 2024-yilda va o‘rta muddatli istiqbolda YAIMning real o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda», deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari B.Hamrayev. – O‘sishning muhim omillaridan biri xususiy investitsiyalar bo‘lib, ular asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga 2024-yilda sezilarli darajada oshdi.

Sessiyada bank-moliya sohasida O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va mas’ul ekspertlari ishtirok etib, so‘nggi yillarda mamlakatda erishilayotgan yutuqlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi.

Xususan, moliyaviy ommaboplik va mikromoliya bozorini rivojlantirishga qaratilgan so‘nggi tashabbuslar, chakana bank xizmatlarini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar va raqamli banklar uchun yaratilgan imkoniyatlar, naqd pulsiz to‘lovlar hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlar hamda mamlakatga yirik xalqaro investorlarni kengroq jalb qilish yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Osiyo taraqqiyot banki eksperti Endryu Makkartni OTB O‘zbekistonda moliyaviy ommaboplikni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etayotganini, buning natijasida aholi va biznes sub’ektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayib borayotgani va bu, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni kamaytirish va ish o‘rinlari yaratishga salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

“TBC Bank Group”ning O‘zbekistondagi ijrochi direktori Nika Kurdiani O‘zbekistonda raqamli banklarning tashkil etilishi innovatsiyalar va moliyaviy ommaboplik uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini, tartibga soluvchi muhitning yaxshilanishi, texnologiyalarning rivojlanishi va moliyaviy savodxonlikning oshishi O‘zbekistonda chakana bank xizmatlari sohasining rivojlanishiga turtki berayotganini bildirdi.

O‘zbekiston moliya bozorida ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Commerzbank”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ketevan Antidze ta’kidlaganidek, bank hozirda tijorat banklari va ularning mijozlari uchun akkreditivlar, eksportni moliyalashtirish va savdo bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni taqdim etish orqali savdoni rivojlantirishda ishtirok etmoqda.