Jamiyat, Jinoyat

10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi

10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi

O‘zbekiston tomonidan 2014-yilda qidiruvga berilgan 73 yoshli ayol Turkiyada qo‘lga olindi. U jinoiy uyushma tashkil etish, o‘zgalarning mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Turkiyada bir qancha jinoiy ishlarda ayblanib qidiruvga berilgan Xaticha Jafarova qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.

1951-yilda tug‘ilgan ayol Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan va bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

U 2011−2013-yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, o‘zgalarning mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 2014-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilish so‘raladi.