Jahon

Isroil armiyasi Erondagi harbiy nishonlarga zarba berdi

Isroil armiyasi Erondagi harbiy nishonlarga zarba berdi

Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) 26-oktyabr, shanbaga oʻtar kechasi Erondagi noma’lum harbiy ob’ektlarga javob hujumi uyushtirilganini e’lon qildi.

“Eron rejimining Isroil davlatiga bir necha oydan beri davom etayotgan hujumlariga javoban Isroil mudofaa kuchlari hozirda Erondagi harbiy ob’ektlarga aniq zarbalarini bermoqda”, — deyiladi SAXAL bayonotida.

NBC News xabariga koʻra, Isroil nishonlari orasida Tehrondagi kazarma va qurol ombori boʻlgan. Oʻz navbatida, Fars agentligi havo zarbalari nishoni Tehron janubi va janubi-gʻarbidagi harbiy bazalar boʻlganini xabar qildi.

Eron davlat matbuoti hujum paytida Tehrondagi ikkala aeroport ham “normal rejimda” ishlaganini xabar qildi. Biroq keyinroq rasmiylar havo hududini butunlay yopdi. Irna davlat axborot agentligining favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tehronda qurbonlar qayd etilmagan, poytaxtda internet butunlay uzilgan. Iroq ustidagi havo hududi ham butunlay yopilgan.

Tehron va poytaxtning shimoliy chekkasidagi Karaj aholisi kamida yettita portlash ovozini eshitgan. Portlashlar manbasi noma’lum, ammo Eron davlat televideniesi bu havo hujumidan mudofaa tizimlari ishi boʻlishi mumkinligi haqidagi versiyani namoyish qildi.

Keyinroq agentliklar mahalliy OAVga tayanib, Eron poytaxti markazida kuchli portlash va “uzoq davom etgan shovqin”, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagani haqida xabar berishdi. ABC News xabariga koʻra, Isroil armiyasining Erondagi nishonlarga zarbalari davom etmoqda. Isroil telekanallari oʻz manbalariga tayanib, Eronga hujumlarning ikkinchi toʻlqini haqida xabar bermoqda. Amerikaning Axios axborot portali esa hujumlarning ikkinchi va uchinchi toʻlqini boʻlganini ma’lum qildi.

«Channel 12» telekanalining Eron manbalariga tayanib xabar berishicha, hujum qilinayotgan nishonlar orasida Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻmondonlik punkti ham bor.

Shanba kuni ertalab Isroil armiyasi vakillari Erondagi operatsiya yakunlangani haqida e’lon qildi.

«Samolyotimiz uyga xavfsiz tarzda qaytdi. Qasos zarbasi yakunlandi, topshiriq bajarildi», deyiladi SAXAL xabarida.