Prezident Shavkat Mirziyoyev Kecha, 25-oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (EXHT DIIHB) parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Duglas Ueykni qabul qildi. Bu haqda Prezidayent matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bilan EXHT va uning institutlari o‘rtasida ochiq va samarali muloqot o‘rnatilgani, xususan, byuro bilan unumli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Bo‘lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida DIIHB kuzatuvchilari missiyasi faol ishlayotgani yuqori baholangan. Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini takomillashtirish jarayonida ishtirok etgan. Ular bildirgan tavsiya va takliflarning aksariyati inobatga olinib, mamlakat qonunchiligiga tatbiq etilgan.
“DIIHB vakili missiya faoliyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, deyiladi xabarda.
Bu galgi saylov ilk bor yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining parlament va mahalliy vakillik organlarining rolini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qoidalari asosida aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!