Siyosat

MSK yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini tasdiqladi

MSK yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini tasdiqladi

Markaziy saylov komissiyasi yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalarini tasdiqladi va siyosiy partiyalar o‘rtasida 75 deputatlik mandatini taqsimladi.

Markaziy saylov komissiyasining kecha, 29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha (proporsional tizim bo‘yicha yoki partiya ro‘yxati bo‘yicha) deputatlar saylovi yakunlari ma’qullandi va siyosiy partiyalar o‘rtasida 75 deputatlik mandati taqsimlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabarida aytiladi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, mandatlarni taqsimlashda avvalo saylov koeffitsiyenti aniqlanadi. U umumiy ovozlarni (14 946 171) o‘rinlar soniga (75) bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi va 199 282 ni tashkil qiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi shu tariqa 26 mandat, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi — 14, Xalq demokratik partiyasi — 12, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi — 12 va Ekologik partiya — 9 mandatga ega bo‘ldi. Ikki mandat taqsimlanmay qoldi.

Kodeksda tasdiqlanmagan o‘rinlar koeffitsiyentning eng katta qoldig‘iga (verguldan keyin oltita raqamgacha) ega bo‘lgan partiyaga bitta mandat berish yo‘li bilan taqsimlanishi belgilangan. O‘zXDP va Ekopartiyada shunday qoldiq kuzatildi.

Shunday qilib, Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari yakunda partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:

O‘zLiDeP — 26 o‘rin;

“Milliy tiklanish” — 14 o‘rin;

XDP -13 o‘rin;

“Adolat” — 12 o‘rin;

Ekologik partiya — 10 o‘rin.

Bu taqsimot MSK dushanba kuni e’lon qilgan dastlabki natijalarga to‘g‘ri keladi.

MSK partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylangan partiyalar va deputatlarga bildirishnomalar yuboradi. Keyinroq komissiya Qonunchilik palatasi deputatlarini ro‘yxatga oladi.

Yaqin vaqt ichida MSK majoritar tizim (bir mandatli saylov okruglari) bo‘yicha o‘tkazilgan saylov natijalarini tasdiqlashi kerak, u bo‘yicha ham 75 nafar deputat saylangan.