Ilm-fan, Jamiyat

Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi

Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi

Prezident Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Maqsad — aniq va tabiiy fanlar, IT, iqtisodiyot, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash.

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi kuni, 31-oktabrda Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotgani va hududning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli aniq va tabiiy fanlar, IT, iqtisodiyot, turizm, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yuqori malakali kadrlarga muhtojligi qayd etilgan.

Qarorga ko‘ra, Navoiy davlat pedagogika institutining barcha talabalari o‘qishini yangi oliygohda davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarga universitet diplomi beriladi.

Kelasi o‘quv yilidan boshlab universitetda aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofazasi, logistika kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

O‘quv mashg‘ulotlarini amaliyot bilan uzviy bog‘lash maqsadida o‘quv jarayoni dual ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, korxona va tashkilotlarda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha kafedralar filiallari tashkil etiladi.

Respublika va xorijiy davlatlarning boshqa oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda bitiruvchilarga ikkita diplom berish orqali ta’limning yangi yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Alohida bakalavriat va magistratura guruhlarida ta’lim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi, ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga tayyorlanadi.

Universitetga 2025-yil 1-yanvardan akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Universitet faoliyatini takomillashtirish va ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda universitetda Transformatsiya markazi tashkil etilmoqda.

U universitet ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlariga moslashtirish, universitetni dunyoning nufuzli universitetlari reytingiga kiritish ustida ish olib borish, universitet dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish va boshqa masalalarga mas’ul bo‘ladi.