Yangiliklar

Qashqadaryoda taksist voyaga yetmagan yo‘lovchi qizga tegajoqlik qildi

Qashqadaryoda taksist voyaga yetmagan yo‘lovchi qizga tegajoqlik qildi

Qashqadaryo viloyatida taksist yo‘lovchi qizga jinsiy tajovuz qildi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 26-oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz dugonasi bilan sayr qilib, taksida uyiga qaytmoqchi bo‘lgan. Yo‘l-yo‘lakay taksi haydovchisi qizga turli shaxsiy savollar berishni boshlagan, keyin belgilangan marshrutni o‘chirib qo‘ygan. Taksist qizning “qayerga ketyapmiz” degan savoliga javoban uni sayr qildirishga qaror qilganini aytgan. U qizni shahar tashqarisiga olib chiqib, mashinani to‘xtatgan, qizning telefonini olib qo‘ygan va jinsiy tajovuz qilgan.

“Men imkon qadar baland ovozda qichqirdim, shunga qaramay, u harakatlarini to‘xtatmadi. Mening qarshiliklarimga javoban u biroz o‘zini tutib oldi. Shunda men undan menga tegmasligini, duch kelgan joyda to‘xtatsa, o‘zim uyimga yetib olishimni so‘radim. U meni shahargacha olib borib qo‘yishini aytdi. Shaharga yaqinlashganimizda u menga telefonimni qaytarib berdi va do‘st bo‘lib qolishimiz kerakligini bildirdi”, deydi fuqaro.

Jabrlanuvchi voqea haqida zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga xabar berib, erkakning avtomobil raqamini ma’lum qilgan.

“Jabrlanuvchi protsessual normalar talabiga ko‘ra, ariza yozish uchun yana huquq-tartibot idoralari xodimlariga murojaat qilgan, ammo ular ariza yozishga hojat yo‘qligini aytib, qizni yana uyiga jo‘natgan. Voqea sodir bo‘lganiga va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilinganiga 10 kun bo‘ldi. Hujum qilgan shaxs hali topilmagan, jabrlanuvchining bayonoti huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qabul qilinmagan, sud-tibbiy ekspertiza ham tayinlanmagan”, deyiladi xabarda.