O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donalʻd Trampga AQSh prezidenti saylovida gʻalaba qozongani munosabati bilan tabrik yoʻlladi. U Trampni Oʻzbekistonga taklif qildi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Donalʻd Trampga Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti saylovida gʻalaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yoʻlladi.
“Saylovlardagi ishonchli gʻalabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQShni xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi”, – deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev AQShning Oʻzbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oʻzgarmas pozitsiyasini, “ortga qaytmas tus olgan tub islohotlarga koʻrsatib kelayotgan doimiy koʻmagini” alohida qadrlashini ta’kidladi.
U aynan Trampning ilk prezidentlik davrida, 2018-yil may oyida Oq uyda oʻtkazgan muzokaralardan keyin Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlanganini eslab oʻtdi.
Oʻzbekiston rahbari bundan keyin ham Tramp boshchiligidagi AQSh Administratsiyasi bilan doʻstona aloqalarni izchil davom ettirishdan, oliy va yuqori darajada erishilgan barcha kelishuvlarni toʻliq amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.
“Shuningdek, “S5+1” platformasi va “Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh oʻrtasida savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli Bitimi” doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdorimiz”, – dedi u.
Shuningdek, tabrikda kelgusida Afgʻonistonda barqaror tinchlikni taʻʻminlash va uning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish oʻzaro hamkorlining ajralmas qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.
Mirziyoyev Donalʻd Trampni Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishini kutib qolishini ma’lum qildi.
“Fursatdan foydalanib, Sizni ushbu tarixiy gʻalabangiz bilan yana bir bor chin qalbdan qutlab, mustahkam salomatlik, baxt-saodat, boshlanayotgan mas’uliyatli faoliyatingizda yangi omadlar, doʻst Amerika xalqiga esa tinchlik-totuvlik va bardavom taraqqiyot tilab qolaman”, – deyiladi tabrik yakunida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!