Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida hokimlik yer maydonlarini pullamoqchi bo‘lgan fuqarolar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chinoz tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati va uning opasi o‘zaro til biriktirib, hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga tegishli fermer xo‘jalikka baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun 2016-yilda Chinoz tumani hokimining qaroriga muvofiq 49 yil muddatga ijaraga berilgan 9,72 gektar yer maydonini soxta hujjatlar asosida davlat idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib bergan. Va evaziga 35 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlangan.
Navbatdagi holatda, Andijon shahridagi ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJning muqaddam bir necha marotaba sudlangan rahbari 1985-yilda tug‘ilgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan til biriktirib, o‘ziga Asaka tumani hokimining 2020-yildagi qaroriga asosan issiqxona inshootlari qurish maqsadida ajratilgan 1 gektar yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali o‘zgartirib, u yerda 30 ta kottej tipidagi uy-joylar qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 230 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarma xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Jarqo‘rg‘on tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari 2015-yilda tuman hokimining qarori bilan chorvachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 11 gektar qismini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 430 mln so‘m talab qilib, oldindan 23 600 AQSH dollari va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarma xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Urganch shahrida yashovchi 1969- va 1980-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro Urganch tumani hokimligi zaxirasidagi 5 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 mln so‘m talab qilib, oldindan 300 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!