Jamiyat

Uzbekistan Airways L-410 rusumli samolyotni qabul qildi

Uzbekistan Airways L-410 rusumli samolyotni qabul qildi
Aviakompaniyadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, LET L-410 rusumli samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroport va Uzbekistan Airways aviakompaniyasi xodimlari samolyot borti va ekipaj a’zolarini suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib oldi.

Ikki motorli LET L-410 samolyoti Chexiyaning “LET Aircraft Industries” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u qisqa yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan va 19 nafargacha yo‘lovchini tashishi mumkin.

Samolyot qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklariga qo‘na olishi va murakkab iqlim sharoitlarida ishlashi tufayli mamlakatning chekka hududlariga parvoz qilish uchun juda  qulay. Samolyot  hududiy reyslarni amalga oshirish uchun “Silk Avia” kompaniyasi parkiga qo‘shiladi.

Ayni paytda “Silk Avia” flotida muntazam parvozlarni amalga oshirayotgan ikkita LET L-410 samolyotlari mavjud. Ularda haftasiga uch marotaba (dushanba, juma va yakshanba kunlari) Nukus-Mo‘ynoq hamda  chorshanba va shanba kunlari Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilar tashiladi. Bundan tashqari, har kuni Toshkent-Zomin yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshiriladi.