Donald Trampning AQSH prezidentligi saylovidagi g‘alabasi fonida Ukraina rahbariyati Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida o‘zining boshlang‘ich pozitsiyasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berish va jang maydonidagi pozitsiyalarini saqlab qolishga intilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi. Tramp hokimiyatga kelsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini «24 soat ichida» tugatishga vaʼda berdi.
Kelgusi to‘rt-besh oy urushda hal qiluvchi bo‘ladi, dedi Reuters agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ukrainalik yuqori martabali amaldor. «Bu qish juda muhim vaqt… Umid qilamanki, urush nihoyasiga yetyapti, endi biz muzokaralarda har ikki tomonning pozitsiyasini aniqlaymiz», — deya suhbatdoshidan iqtibos keltiradi agentlik.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev endi Tramp yangi maʼmuriyatining Ukrainaga nisbatan qanday siyosat olib borish niyatida ekanligini tushunish uchun asosiy lavozimlarga tayinlovlarni kutmoqda. Reuters suhbatdoshining tan olishicha, AQSH yangi prezidenti lavozimga kirishganidan keyin Kiyevga yordamni qisqartirishi xavfi bor. «Umid qilamanki, Bayden maʼmuriyati yordam ko‘rsatishni tezlashtirish orqali bu xavfdan qochishga harakat qiladi», dedi u.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!