«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 2024-yil 1-dekabrdan mahalliy qatnovdagi vagonlar orqali yuk tashish tariflarini oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan yuk tashish xizmatlarida vagon qismiga bog‘liq xarajatlar oshgan.
«Ushbu xarajatlarni qisman qoplash hamda yuk vagon parkini yangilash maqsadida 2024-yil 1-dekabrdan mahalliy qatnovda aksiyadorlik jamiyatiga tegishli (inventar) vagonlarda yuk tashish tariflari vagon turidan (universal, maxsuslashtirilgan va sisterna) kelib chiqib, tarif stavkalaridagi vagon qismi 30 foiz miqdorida oshiriladi», — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasi temiryo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechib, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tish amalga oshirilmoqda.
Avvalroq, 2024-yil 20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari hamda «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» tezyurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshgan edi. 15-maydan boshlab esa «Afrosiyob» elektropoyezdi chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foizga, biznes klass uchun 30 foizga, VIP klass uchun 40 foizga oshirilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!