Jahon

Dunyoning 121 mamlakati orasida O‘zbekiston eng xavfsiz davlat deb tan olindi

Dunyoning 121 mamlakati orasida O‘zbekiston eng xavfsiz davlat deb tan olindi

O‘zbekiston jahonning 121 mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Kriminologiya tadqiqot institut boshlig‘i polkovnik, yuridik fanlari doktori Baxtiyor Berdialiyev ma’lum qildi.

Buyuk Britatsiyaning London shahrida joylashgan Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan “Safety Perception Index” xavfsizlikni baholash indeksi bo‘yicha 2021—2023 yillar oralig‘idagi ko‘rsatkichlar o‘rganilganda, mazkur reytingda O‘zbekiston eng yaxshi natijani qayd etdi. Ya’ni, O‘zbekiston jahonning 121 mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi.

Yoki, Butunjahon odil sudlov loyihasi (World Justice Project ) tashkiloti tomonidan har yili o‘tkaziladigan Huquq ustuvorligi indeksining Tartib va xavfsizlik indikatori bo‘yicha O‘zbekiston 2023 yilda:

  • dunyoda 142 ta davlatlar orasida 12-o‘rinni;
  • Osiyoda 49 ta mamlakatlar orasida 5-o‘rinni;
  • Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari orasida esa 1-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar orasida O‘zbekiston har 100 ming aholiga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar soni bo‘yicha eng xavfsiz davlat hisoblanmoqda.

Qayd etilgan jami jinoyatlarning 60 foizini o‘g‘rilik, giyohvandlik, yo‘l harakati qoidalarini buzish, firibgarlik va tan jarohati yetkazish jinoyatlari tashkil etmoqda.

Qayd etilgan jinoyatlar har 100 ming aholiga nisbatan 161,2 tani tashkil etsa, shundan 28,2 ta o‘g‘rilik, 25,2 ta giyohvand va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasi, 19,2 ta yo‘l harakati qoidalarining buzilishi, 18,9 ta firibgarlik va 12,8 ta tan jarohati yetkazish jinoyatlarsi to‘g‘ri kelmoqda.