Xabaringiz bor, 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Mazkur loyiha doirasida deyarli barcha sohalarda bir qator islohotlar qilish ko‘zda tutilgan. Saytimiz orqali mazkur o‘zgarishlar haqida xabar berib bormoqdamiz. Loyihada, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasiga ham e’tibor qaratilgan.
Yashillik darajasi oshiriladi
Hujjat bilan daraxt va o‘simliklar ekilib, “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratilishi rejalashtirilmoqda. Sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 km.dan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi.
Shuningdek, “yashil” parklarga quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlar o‘rnatiladi. Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlar 2,1 mln. gektarga yetkaziladi. Bundan tashqari, o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 4,1 mln. gektarga kengaytiriladi.
Transyog‘larga cheklov
Bundan tashqari, 1-iyulgacha Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi laboratoriyalarini oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi transyog‘larni aniqlash uskunalari bilan jihozlash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, 1-avgustgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda transyog‘lardan foydalanishning cheklangan miqdorini belgilash bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorini JST talablariga muvofiqlashtirish belgilangan.
Stomatologiyaning xususiy sektorga o‘tishi
Stomatologiya xizmatlari, shuningdek, tibbiy tahlillar to‘liq autsorsing asosida xususiy sektorga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Barcha poliklinikalarda shifokor qabuliga elektron navbat joriy etiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi
1-iyulgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi. 1-noyabrgacha tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etilayotgan hududlarda elektron retsept tizimini joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, uning asosida xodimlar oyliklariga qo‘shimcha ustama berish ko‘zda tutilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!