Ozarbayjon elchixonasi diplomatik kanallar orqali Rossiya tomoniga prezident Ilhom Aliyevga nisbatan haqoratli so‘zlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Elchixona Rossiya tomonini kelgusida buni takrorlamaslikka chaqirdi.
Karasyev Ozarbayjon prezidentining aviahalokat uchun javobgarlikni Rossiya vakillariga yuklagan so‘zlariga keskin munosabat bildirgandi. U o‘zining Telegram kanalida Aliyevning bayonoti haqidagi xabarni repost qilib, unga behayo so‘zlar bilan izoh qoldirgan.
Shundan keyin siysoatchi Ozarbayjon prezidentini haqorat qilmagani, balki uni ispan tilidagi “pedir” fe’lidan kelib chiqqan “pidas” so‘zi bilan ataganini ta’kidlagan.
“Ispaniyada talablar qo‘yadigan, shartlar belgilaydigan yoki faol ravishda iltimos qiladigan shaxslarni pidaslar va pedirlar deb atashadi. Shuning uchun, mening mamlakatim haqida og‘iz ochadigan va biror narsani talab qilishga jur’at etadigan har qanday kishi — shubhasiz pidas va pedir hisoblanadi!” deb yozdi Karasyev o‘zining Telegram kanalida.
Kreml munosabati
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov rus siyosatchisining so‘zlaridan bexabar ekanini da’vo qildi.
“Albatta, Rossiya davlatining tashqi siyosati Rossiya prezidenti tomonidan shakllantiriladi va belgilanadi hamda Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar tomonidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Mana shunga e’tibor qaratish kerak”, dedi Peskov.
Ozarbayjonning aviahalokat yuzasidan Rossiyaga talablari
Ilhom Aliyev Azerbaijan Airlines samolyoti qulashi munosabati bilan Rossiyaga uchta talab qo‘ygan.
“Birinchidan, Rossiya tomoni Ozarbayjondan kechirim so‘rashi kerak. Ikkinchidan, o‘z aybini tan olishi kerak. Uchinchidan, aybdorlar jazolanishi, jinoiy javobgarlikka tortilishi va Ozarbayjon davlati, jabrlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga kompensatsiya to‘lanishi lozim. Bu bizning shartlarimiz. Ulardan birinchisi kecha taqdim etilgandi. Umid qilamanki, boshqa shartlarimiz ham qabul qilinadi”, degan Aliyev.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya Oqtovda qulab tushgan Ozarbayjonning Embraer 190 samolyotining qora qutilarini rasshifrovka qilishni yakunlagan. Materialni braziliyalik uch nafar tergovchi, shuningdek, Ozarbayjon va Rossiya mutaxassislari tahlil qilgan.
Oqtovdagi aviahalokat
Bokudan Grozniyga J28243 reysini amalga oshirayotgan Embraer 190 samolyoti 25-dekabr kuni ertalab Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Dispetcherlar Grozniy va Maxachqal’ada qo‘nishni rad etganidan keyin layner majburiy qo‘nishni amalga oshirishga urindi. Oqtov aeroportiga bir necha kilometr qolganda u qulab tushdi, portlab, yonib ketdi.
Burun qismi to‘liq yongan, dum qismida esa omon qolganlar bo‘lgan. Kamida 29 nafar tirik qolgan yo‘lovchi aynan shu qismda bo‘lgan. Azerbaijan Airlines samolyoti qulashi oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan. Qulagan samolyot ko‘zdan kechirilganda teshiklar aniqlangan. Shunga asoslanib, samolyotni Chechenistonga dron hujumini qaytargan havo hujumidan mudofaa tizimi o‘qqa tutgan bo‘lishi mumkin.