Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida toʻrt soatlik murakkab operatsiya amalga oshirildi.
Maʼlum boʻlishicha, qizaloq magnit sharchalar bilan oʻynab kelgan va shu jarayonda ulardan ancha-munchasini ichiga yutgan. Vaqt oʻtishi bilan sharchalar qornida yigʻilib qolgan va uning hayotiga jiddiy xavf solgan.
Ota-onasi zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona viloyati filialiga murojaat qiladi.
Tekshiruvlar oʻtkazilganida qorinning ikki yonida magnitlar yigʻilib qolgani aniqlangan.
Shifokorlar konservativ usulda davolashga kirishib, qayd qildirish orqali sharchalardan 14 donasini chiqarib oladi.
Vaziyat tezkor choralar koʻrishni taqozo etardi. Shu bois ota-ona bolani Toshkentga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib keladi. Bu yerda goʻdak yana bir bor tekshiruvdan oʻtkazilgach, jarrohlik amaliyoti boshlab yuboriladi.
Shifokorlar saʼy-harakati bilan qizaloq qornidagi 135 ta magnit sharcha olindi.
Toʻrt yarim soat davom etgan ushbu murakkab operatsiyani tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov hamda markazning Nozim Oʻrmonov, Dilmurod Sabirov kabi mutaxassislari amalga oshirdi.
Ayni chogʻda u shifokorlar nazoratida oʻzini yaxshi his etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!