Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investor Yuan Yanpin boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi, deyiladi hokimlik matbuot xizmati xabarida.
Xabarda Quvasoy shahridagi sanoat zonasida umimiy loyiha qiymati 100 mln dollar bo‘lgan, birinchi bosqichda 30 mln dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan traktorlar ishlab chiqarish loyihasini boshlash masalasi muhokama qilingani qayd etilgan.
Xitoylik hamkorlar bilan Farg‘ona traktor ishlab chiqarish korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Joriy yilning yakuniga qadar “Tulpor” milliy brendi asosida bir nechta rusumdagi traktorlar ishlab chiqariladi.
Korxona tom qismiga 2 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh panellari o‘rnatiladi va mustaqil o‘zini elektr bilan ta’minlaydi.
Loyihaga ko‘ra, birinchi bosqichda traktorlar ishlab chiqaruvchi zavod quriladi va keyingi bosqichda butlovchi qismlar tayyorlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilash maqsadida Smart texnologiyalardan foydalaniladi.
Traktorlar mahalliy va xorijiy xaridorlarga yetkazib beriladi.
Dastlabki bosqichda 250 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!