Jamiyat

Tadbirkor ayollarga garovsiz kredit beriladi

Tadbirkor ayollarga garovsiz kredit beriladi

“Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari belgilandi:

✅ 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash;
✅ 250 ming nafar ayolni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;
✅ 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish;
✅ 50 ming ehtiyojmand ayolni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda tadbirkorlik bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish.

Garovsiz kredit va grantlar

2025-yil 1-maydan “HAMROH” dasturi doirasida:

🔹 “Yashil loyihalar” va IT sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kamida 5 ayol tadbirkorni qo‘llab-quvvatlagan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratiladi.

🔹 Ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

🔹 Ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olingan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etiladi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish platformasi

2025-yil 1-iyulgacha “Tadbirkor ayollar” platformasi ishga tushiriladi. U quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

✔ Xomashyo sotib olishga ko‘maklashish;
✔ O‘zaro hamkorlikni kengaytirish va mahsulotlar uchun bozor topish;
✔ Mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;
✔ Tadbirkorlik faoliyatidagi muammolarni aniqlash va yechim topish.

Tadbirkorlikni o‘rganmoqchi bo‘lgan ayollar uchun imkoniyatlar

🔹 2025-yil 1-maydan “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. U tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

🔹 Mahalliy va xalqaro elektron platformalarda ayollarga mahsulotlarini joylashtirish va sotish imkoniyati yaratiladi.

🔹 2025-yil 1-avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha moliyaviy xizmatlar strategiyasi tasdiqlanadi.

Shuningdek, yetakchi ishbilarmon ayollardan Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.