Jamiyat

Hukumat tezlik oshirilganda qo‘llaniladigan chegirmani kengaytirish bo‘yicha qonun loyihasini parlamentga kiritdi

Hukumat tezlik oshirilganda qo‘llaniladigan chegirmani kengaytirish bo‘yicha qonun loyihasini parlamentga kiritdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida taqdim etildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tezlik bo‘yicha yangi tartiblar

Loyihaga ko‘ra, tezlik qoidabuzarliklari bo‘yicha radar va spidometr ko‘rsatkichlari xatolari hisobga olinib, haydovchilarga nisbatan jarima choralari qayd etilgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlangan holda qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Hozirda amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, radar va transport vositalari spidometri xatolarini inobatga olgan holda, qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat chegirib tashlanadi.

Misol uchun:
– Agar 60 km/soat tezlik belgilangan hududda radar haydovchini 69 km/soat tezlik bilan harakatlangan deb qayd etsa, hozirgi amaliyot bo‘yicha jarima 64 km/soat (–5 km/soat chegirma) uchun qo‘llaniladi.
– Yangi taklif qabul qilinsa, jarima 59 km/soat (–10 km/soat chegirma) hisobidan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasida ushbu o‘zgarishlar haydovchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Tezlik cheklovlari va bolalar ishtirokidagi YTHlar

2022-yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalari harakat tezligini 60 km/soatgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Biroq bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni kamaygani sezilmayapti.

🔹 2024-yilning 5 oyida 359 nafar o‘quvchi YTHga uchragan. 65 nafari vafot etgan, 294 nafari jarohatlangan.
🔹 2023-yilda 1 794 ta YTH sodir bo‘lib, 1 568 bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.

Ba’zi YTHlar:
– Jizzaxda Cobalt katta tezlikda ikki voyaga yetmagan qizni urib yubordi.
– Samarqandda avtobus maktab yaqinida bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘ldi.
– Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishi oqibatida vafot etdi.

Jamoatchilik faollari bolalar hayotiga xavf soluvchi holatlar uchun siyosiy javobgarlik belgilashni talab qilmoqda.