Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kambag‘al oilalarga kredit ajratish tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.
Nizom “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATB orqali kredit berish mexanizmlarini nazarda tutadi. Kreditlar noutbuk, kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller va boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun ajratiladi.
Arizalar platforma orqali topshirilib, 1 ish kunida ko‘rib chiqish jarayoniga qabul qilinadi. Joyiga chiqqan holda o‘rganish natijasiga ko‘ra kredit ajratish yoki rad etish haqida xulosa chiqariladi.
Shartlarga ko‘ra:
- 15 mln so‘mgacha bo‘lgan noutbuk xaridi uchun kredit 5 yilgacha, 2 yil imtiyozli davr bilan;
- 30 mln so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar uchun kredit 5 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan ajratiladi.
Dastur doirasida kambag‘al oilalarga bepul dori vositalari va kafolatlangan tibbiy xizmatlar ham taqdim etiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya tizimidagi vakolatlar yagona Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!