Jahon

AQSH Isroilga 200 nafar harbiy yuboradi

AQSH Isroilga 200 nafar harbiy yuboradi

AQSH G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida Isroilga 200 nafar harbiy xizmatchi yuboradi. Bu haqda ikki nafar amaldorga tayanib, NBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, amerikalik harbiylar logistika, transport, muhandislik ishlari va rejalashtirish bo‘yicha ko‘maklashadi.

“Ular G‘azo sektorida bo‘lmaydi. G‘azo hududida birorta ham amerikalik askar bo‘lmaydi,” — degan manba.

Mazkur tashabbus “Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markazi” doirasida amalga oshirilmoqda. Markaz Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bitimi e’lon qilingach tashkil etilgan. Manbalarga ko‘ra, AQSH harbiylari allaqachon Isroilga yetib kela boshlagan.

“G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazishni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, qo‘shinlar kelishuv shartlari bajarilishini ta’minlash hamda tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning oldini olish mexanizmini nazorat qiladi,” — deyiladi xabarda.

Avval ham AQSH harbiy xodimlari Isroilda turli vazifalarni, jumladan, raketaga qarshi mudofaa tizimlari doirasidagi ishlarni bajargan.

Tinchlik bitimining birinchi bosqichida Isroil 2000 dan ortiq falastinlik mahbusni, jumladan, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 kishini ozod etadi. HAMAS esa 20 nafar tirik isroillik garovga olinganlarni topshiradi. Asirlar almashinuvi jarayoni qo‘shinlarning sektordan bosqichma-bosqich chiqib ketishi bilan parallel olib boriladi.