Jinoyat

Shahrisabzda yashirin aroq sexi fosh etildi

Shahrisabzda yashirin aroq sexi fosh etildi

Shahrisabz tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yashirin alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tsex faoliyatiga chek qo‘yildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrisabz tuman bo‘limi hamda tuman IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro Sh.R. “Shamaton” mahallasi hududidagi xonadonda qalbaki alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi.

Tekshiruv davomida xonadondan 1 578 dona qalbaki aksiz marka, 1 176 dona iste’molga yaroqsiz aroq, 20 litr etil spirti, bo‘sh shisha idishlar hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan fuqaro Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash yoki ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.