Prezident huzurida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda oʻtgan yilda inflyatsiya 9 foizdan pasaygani taʼkidlandi. Lekin koʻplab masalalar narx-navo oshib, odamlar norozi boʻlganidan soʻng, “qoʻl boshqaruvi” bilan hal boʻlayotgani qayd etildi. Masalan, narx qimmatlagani uchun 61 turdagi isteʼmol mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlari bekor qilindi.
Lekin, joylardagi iqtisod boʻyicha hokim oʻrinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot boʻlimlari rahbarlari ushbu mahsulotlarni oʻzimizda koʻpaytirish orqali inflyatsiyani jilovlashni oʻylamayotgani tanqid qilindi. Fargʻona, Jomboy, Elliqqalʼa, Parkent tumanlari va Yangiyoʻl shahrida mol goʻshti, Konimex, Oltinkoʻl, Boʻston tumanlari va Zarafshon shahrida tuxum narxi oshganiga ushbu hududlar rahbarlari xotirjam qarab oʻtirgani qayd etildi.
Bosh vazirga ushbu tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi. Mutasaddilarga oʻtgan yil boshida benzin boʻyicha yetarli zaxira qilish topshirigʻi berilgan. Narx oshmasligi uchun benzin bir yil davomida aksiz soligʻidan ham ozod qilingan edi. Shunga qaramay, benzin oʻtgan yil davomida oʻrtacha 19 foizga qimmatladi.
“Bu – transport xarajatlari qimmatlashib, ishlab chiqarish va eksportda tannarx oshdi, degani. Takror va takror aytaman. Inflyatsiya – aholi va biznes daromadlari uchun soliq. Uni jilovlamasak, kambagʻallik kamaymaydi, iqtisodiy oʻsish boʻlmaydi!”, — dedi Prezident.
Kelgusi yilda butun dunyoda oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli yuqori. Mahsulotlar inflyatsiyasini faqat oziq-ovqatni koʻpaytirish orqali jilovlash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Endilikda har yili mahsulotlarni koʻpaytirish boʻyicha maxsus hukumat qarori qabul qilinadi. Har bir tarmoq vaziriga narx barqarorligini taʼminlash boʻyicha KPI belgilanadi. Har haftada Hukumat yigʻilishidagi birinchi masala inflyatsiyani jilovlashga bagʻishlanadi.
Yigʻilishda bank tizimi barqarorligini taʼminlash hamda kredit foiz stavkalarini tushirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish muhimligi qayd etildi. Banklar resurs yoʻqligi sababli kredit foizi yuqori, deyishga oʻrganib olgan. Vaholanki, muammoli kreditlarni undirishni oʻzidan 25 trillion soʻmlik kreditga resurs topsa boʻladi.
Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoda muammoli kreditlar ulushi 10 foizga yetgan. Tarmoq rahbarlari, hokimlar 9 trillion soʻm kreditlar hisobiga ishga tushgan 2 ming 342 ta loyiha past quvvatda ishlayotganini tahlil qilib, ularning muammolarini hal qilishda koʻmaklashmayotgani tanqid qilindi.
Endilikda Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman kredit olgan korxonalarning toʻliq quvvatda ishlab ketishiga koʻmaklashadi. Hokimlar, banklar kredit berishdan oldin loyiha qancha ish oʻrin yaratishi, byudjetga qancha tushum boʻlishini hisob-kitob qilish tizimiga oʻtadi va samarasiga shaxsan javob beradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!