Yangiliklar

Bosh vazirga 16 ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi

Bosh vazirga 16 ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda oʻzboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va “Oʻzbekkosmos” boshchiligida respublika komissiyasi tuziladi. Komissiya muntazam ravishda hududlarning aero va kosmik suratlarini olib, tahlil qiladi va oldingi suratlar bilan tafovutlarni aniqlaydi va noqonuniy qurilishlar roʻyxatini shakllantiradi.

Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga joriy yilda 170 ta, kelasi yilda esa kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqishga topshiriq berildi. Shuningdek, har bir ishlab chiqilgan rejani aholi bilan muhokama qilish va ijrosi boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini oʻrganish va ovoz berish mexanizmini joriy qilish topshirildi.

Oʻtgan yili hududlarda 2 mingta koʻp qavatli uy-joy qurib, aholiga topshirish boʻyicha olingan reja toʻliq bajarilmay qolgani, yaʼni 124 ta uy-joy qurilishi yakunlanmagani, qurilgan uylardan 450 tasi haligacha foydalanishga topshirilmagani qayd etildi. Bundan tashqari, uy-joyga talab yuqori boʻlsa-da 2023-yilda 16 ta tumanda birorta koʻp qavatli uy-joy qurilmagan, tuman hokimlari reja ham qilmagani tanqid qilindi.

Bosh vazirga ushbu Nukus, Qorovulbozor, Navbahor, Kosonsoy, Nurobod, Oltinsoy, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Oqoltin, Sayxunobod, Mirzaobod, Xovos, Piskent, Qoʻshtepa, Bogʻdod tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi.