Aholiga mablagʻlar va ularning sarflanishini kuzatish imkonini yaratish uchun “Ochiq byudjet” portalida “Mahalla byudjeti” boʻlimi ishga tushdi.
“Ochiq byudjet” portalida “Mahalla byudjeti” boʻlimi ishga tushirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Unga koʻra, boʻlim orqali har bir mahalla kesimida jismoniy shaxslar tomonidan toʻlangan mol-mulk va yer soligʻining 10 foizi hisobidan Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasiga oʻtkazilgan mablagʻlar va amalga oshirilgan xarajatlarni kuzatib borish mumkin.
Har bir mahalla kesimida jamgʻarmaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar, amalga oshirilgan xarajatlar miqdori va yoʻnalishlari, jamgʻarmadagi mavjud qoldiq mablagʻlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.
Vazirlik jamgʻarmalar har bir mahalla uchun alohida tarzda ochilgani, ularning mablagʻlari fuqarolarning takliflari va “mahalla yettiligi”ning qarori asosida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etish uchun sarflanishini eslatib oʻtdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!