Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkin.

Bunda elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga o‘zining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida ma’lumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) YATT elektron tijorat operatori hisoblanmaydi.

2025-yil 1-iyuldan elektron tijorat operatorlari faoliyati xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi. Bunda faoliyatni amalga oshirayotgan subyektlar quyidagi shart va talablarga rioya etishlari lozim:

  • O‘zbekiston yuridik shaxsi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
  • elektron tijorat, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama sohasidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
  • vakolatli organning so‘roviga muvofiq elektron tijorat subyektlarining faoliyatiga oid ma’lumotlarni bepul taqdim etish;
  • chakana savdo qoidalari talablariga rioya qilish;
  • elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur darajada ishlashi ta’minlangan axborot tizimining mavjudligi va boshqalar.
  • faoliyat boshlanishi haqidagi xabarnoma ma’lumotlarining haqqoniyligini ta’minlash;
  • xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalari tuzish, shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritish va ularni bekor qilish holatlarini, shuningdek, amaldagi mehnat shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy apparat kompleksida majburiy ro‘yxatga olish — agar xodimlar uchun tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun bunday talab mavjud bo‘lsa;
  • xabardor qiluvchining nomi, joylashgan joyi (yashash manzili) o‘zgarganligi yoki filial va vakolatxona ochilganligi to‘g‘risida ro‘yxatga olingandan keyin o‘n ish kuni ichida vakolatli organni xabardor qilish;
  • xabardor qilish tartibiga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat (harakat) turining uziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa talablar va shartlar.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatayotgan, xizmatlarni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan xorijiy yuridik shaxslar tomonidan soliq to‘lovlari va qamrovining to‘liqligini o‘rganishni tashkil etish hamda natijalariga ko‘ra ushbu sohada samarali nazoratni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.