Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilga tashrifi oldidan Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbatda Yaqin Sharqdagi vaziyat va tartibga solish istiqbollari muhokama qilingan. Bu haqda Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefan Kornelius ma’lum qildi.
Korneliusning aytishicha, suhbat “do‘stona muhitda” o‘tgan.
“Kansler AQSH prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Falastin milliy ma’muriyatining konstruktiv pozitsiyasini olqishladi”, — dedi u.
Mers Falastin ma’muriyati zarur islohotlarni kechiktirmay amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshsa, Falastin urushdan keyingi tiklanish jarayonida muhim va konstruktiv rol o‘ynashi mumkin.
“Maqsad — ikki davlat yechimiga erishish bo‘lishi kerak. Bu istiqbol isroilliklar va falastinliklar uchun uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng maqbul yo‘lidir”, — dedi kansler.
Xalqaro hamjamiyatning pozitsiyasi
-
Xitoy rahbari Si Szinpin G‘azodagi falastinliklar uchun 100 mln dollar hajmida insonparvarlik yordami ajratishini ma’lum qilgan. Mablag‘lar gumanitar inqirofni yumshatish va infratuzilmani tiklashga yo‘naltiriladi.
-
Rim papasi Lev XIV esa Turkiyadan Livanga parvoz chog‘ida Falastin-Isroil mojarosining “yagona yechimi” Falastin davlatini tuzish va tan olish ekanini bildirgan.
-
Misr noyabr oyi oxirida urushdan keyingi G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash uchun 5 ming falastinlik politsiyachini tayyorlashni boshlagan.
Mojaroga oid so‘nggi bayonotlar
13-oktyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi mojaro “tugaganini” e’lon qilgan edi. Biroq u keyinchalik HAMAS qurolsizlanishdan bosh tortsa, Isroil armiyasi operatsiyalarni qayta boshlashi mumkinligini aytib, ogohlantirgan.
3-noyabrda Asharq Al Awsat nashri xabariga ko‘ra, HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida og‘ir qurollarni topshirishga rozi bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, G‘azoda qurol ishlab chiqarmaslik va sektorga qurol kontrabandasi bilan shug‘ullanmaslik majburiyatini olgani bildirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!