«15 millionga Matiz olib, 12 millionga nomer-dokument qilganlarga alangali salom!» shu mazmundagi post va videolar telegram va instagram ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keskin e’tirozlarga sabab bo’lmoqda.Xabar qilinishicha, hozirda 7 millionlik avtoraqamlar avtomobilga taqilish xarajatlari bilan 10 million 400 ming so‘mga aylanmoqda. Agar boshqa odamdan sotib olingan mashinani notarius orqali rasmiylashtirish xarajatlarini ham qo‘shsak (yana 1 550 000 so‘m), umumiy summa 12 000 000 so‘mdan oshib ketmoqda! Bu holat yangi avtomobil sotib olgan haydovchilar orasida turli norozilik va vahima uyg‘otdi.Biroq, bu vaziyatda asabiylashishga va qimmat raqam sotib olishga shoshilishga hojat yo‘q. Qimmat raqam sotib olish majburiy emas Agar sizga oddiy raqam (masalan, 193 yoki 972 kabi kundalik raqamlar) zarur bo‘lsa, lekin ular bo‘limda tugagan bo‘lsa, sizni 7 million so‘m yoki undan qimmatroq turgan «chiroyli» raqamni sotib olishga hech kim majburlay olmaydi. Bu — ixtiyoriy tanlov.So‘nggi kunlarda YHXB bo‘limlarida «oddiy» (auksionda bo‘lmagan) davlat raqamlari zaxirasi vaqtincha tugagani sababli shunday tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Aslida, hech bir fuqaro o‘z xohishiga zid ravishda millionlab mablag‘ sarflab «oltin» raqam olishga majbur emas. Agar siz murojaat qilgan bo‘limda oddiy raqamlar tugagan bo‘lsa, hodimlar sizga avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazganingiz haqida maxsus ma’lumotnoma taqdim etishadi.

Ushbu ma’lumotnoma raqamlar zaxirasi to‘ldirilguniga qadar yo‘llarda qonuniy va xotirjam harakatlanish huquqini beradi. Eng muhimi, barcha Yo‘l-patrul xizmati xodimlari mavjud vaziyatdan xabardor qilingan bo‘lib, qo‘lida tegishli hujjati bor haydovchilarga nisbatan raqamsiz harakatlangani uchun jarima qo‘llanilmaydi. Shunday ekan, yangi avtomobil egalaridan ortiqcha xarajat qilmaslikni va shunchaki qonuniy hujjatni rasmiylashtirib, vaziyat barqarorlashishini kutish maqsadga muvofiq. Bu vaqtincha texnik holat bo‘lib, yaqin orada zaxiralar to‘ldirilganidan so‘ng barcha o‘z navbati bilan hamyonbop bo‘lgan oddiy raqamlarni olishi mumkin bo‘ladi.
Maqola muallifi: Diyora G’ofurova
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!