Hukumat kuchlari mamlakat shimoli-sharqidagi neftga boy hududlarni o‘z nazoratida ushlab turgan kurdlarni kelishuvga amal qilmaslikda ayblamoqda.
Foto: Getty Images
Suriyaning Halab shahrida bir necha kundan buyon markaziy hokimiyat armiyasi va kurd ko‘ngilli lashkari o‘rtasida janglar davom etmoqda.
Halabning kurdlar yashovchi ikki tumanida artilleriya qo‘llangan holda olib borilayotgan janglar seshanba kuni boshlangan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida birinchi kuni olti kishi halok bo‘lgan.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, tunda sukunat hukm surgan, ammo chorshanba kuni janglar qaytadan avj olgan. Halab sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, yana kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, 18 kishi yaralangan.
Chorshanba kuni Suriya hukumati kurd jangarilaridan Halabning Shayx-Maqsud va Ashrafiya kvartallarini tark etish hamda tinch aholi xavfsizlikda bo‘lishini ta’minlashni talab qildi.
Suriya kurdlari fuqarolik urushi davrida mamlakatning shimoli-sharqiy qismida, shuningdek, Halabda o‘z muxtor hududlarini tashkil etishgandi. Damashqdagi yangi hokimiyat bilan kelishuvga muvofiq, kurdlarning qurolli tuzilmasi hisoblangan Suriya demokratik kuchlari 2025 yil oxirigacha to‘lig‘icha Suriya armiyasi tarkibiga qo‘shilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo bu reja amalga oshmadi va tomonlar bunda bir-birini ayblamoqda.
Suriya armiyasi tinch aholini evakuatsiya qilish uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin Halab shimolidagi kurd kvartallarini o‘qqa tutishga kirishganini ma’lum qilgan.
Suriyalik harbiylar Halabning Shayx Maqsud va Ashrafiya tumanlarini chorshanba kuni soat 15:00 dan (Grinvich bo‘yicha 12:00) «yopiq harbiy zonalar» deb e’lon qilgan va shu bilan bir vaqtda tinch aholi olib chiqilishi uchun «ikkita xavfsiz gumanitar yo‘lak» yaratdi, deb xabar bermoqda France Press agentligi.
AFP’ning Halabdagi muxbirlari belgilangan muddat yakunlanishi arafasida minglab kishilar ushbu hududlarni tark etayotganiga guvoh bo‘lishgan.
«Biz urushdan qochyapmiz va qayerga borishimizni bilmaymiz. 14 yildan buyon urush ichidamiz, yetar endi», – degan AFP muxbiriga 38 yoshli Ahmad.
41 yoshli Ammar Radji esa oilasi bilan «juda og‘ir sharoitda ko‘chishga majbur bo‘layotgani»ni aytgan.
«Mening olti bolam bor, ikkisi juda yosh. Qo‘rqamanki, biz endi qayta olmaymiz», – degan Radji. Bu uning oilasi qochishga majbur bo‘layotgan ilk holat emas: olti yil muqaddam harbiy harakatlar tufayli ular mamlakat shimolidagi ona shahri Manbijni tark etishgandi.

O‘zaro ayblovlar
Damashq armiyasi Halabning Shayx-Maqsud va Ashrafiya tumanlaridagi qonuniy harbiy nishonlarga zarba berayotganini ma’lum qildi. Damashq vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularning bo‘linmalari kurd jangarilarining raketa va artilleriya orqali yo‘llagan zarbalari, shuningdek, dronlar orqali uyushtirilgan hujumlariga javoban o‘t ochgan.
Kurd kuchlari esa, aksincha, janglar qaytadan boshlanishida Damashqni aybladi.
Kurdlarning yuqori martabali amaldori Ilhom Ahmad Damashqni kurdlarga qarshi «genotsid urushi»ni boshlashda ayblab, Suriya hukumatini «sog‘lom aqlga tayanib yo‘l tutish va muammolarni muloqot orqali hal qilish»ga chaqirdi.
Hukumat tinch aholi uchun gumanitar yo‘laklar ochib, ularni avtobuslarda olib chiqib ketmoqda.
«Biz ularni o‘zlari istagan joyga olib borib qo‘yamiz yoki ko‘chirilganlar uchun boshpanalarga joylashtiramiz», – dedi Halabdagi fuqarolik mudofaasi kuchlari rahbari Fayzal Muhammad Ali. Uning so‘zlariga ko‘ra, janglar bo‘layotgan hududlarni 10 mingga yaqin odam tark etgan.
Halabda janglar qaytadan avj olgani tufayli mahalliy aeroport yopilgan, shahar markazida Turkiya bilan chegara tomon olib boruvchi ko‘plab ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan.
Halabning kurdlar yashovchi hududlarida so‘nggi janglar dekabr oyida, undan oldingisi esa oktyabr oyida bo‘lib o‘tgandi.
Mart oyida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Suriyaning neftga boy shimoli-sharqiy hududlarini nazorat qiluvchi kurd tuzilmalari joriy yil oxirigacha Damashqqa bo‘ysunadigan yagona hokimiyat tuzilmalariga birlashishi kerak edi. Biroq tomonlar o‘rtasidagi jiddiy kelishmovchiliklar tufayli kelishuv o‘z vaqtida bajarilmadi.
Ayni vaqtdagi vaziyat
Rasmiylar Halab aeroporti faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi, shaharda maktablar, universitetlar va davlat muassasalari ham yopildi.
Suriya demokratik kuchlari (SDF) AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ko‘magida mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi keng hududlarni nazorat qilib keladi.
Damashqdagi avtonom kurd ma’muriyati vakili Abdul Karim Umar AFP’ga bergan intervyusida Halabning kurdlar yashaydigan hududlari «to‘liq qamalda» ekanini aytgan.
U bu hududlar «faqat faqat yengil qurollarga ega» bo‘lgan kurd xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinishini ta’kidlab, ular Suriya armiyasi pozitsiyalariga artilleriya va raketa zarbalari berilgani haqidagi da’volarni rad etgan.
Mahalliy sharhlovchilarning ta’kidlashicha, Damashq va kurdlar o‘rtasidagi uzoq davom etayotgan qarama-qarshilikka yana Turkiya aralashishi mumkin.
O‘tgan yili Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng, Turkiya Damashqdagi yangi hokimiyat bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan va hozirda Suriyaning asosiy ittifoqchilaridan biriga aylangan.
Turkiya o‘z chegarasi yaqinida kurdlarning kuchli qurolli tuzilmalari mavjudligini o‘zi uchun tahdid deb biladi va Suriyadagi fuqarolik urushi vaqtida Suriya demokratik kuchlarini chegaradan ancha nariga surib tashlash uchun bir necha bor reydlar uyushtirgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!