Kecha, 7 yanvar kuni Angliya Premer-ligasi 21-tur doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Brayton”ga qarshi 1:1 hisobida durang qayd etdi. O‘yindan so‘ng “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola debyutant Maks Alleyn hamda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanovning o‘yinini yuqori baholadi.
“Ular juda a’lo darajada o‘ynashdi. Husanov ajoyib edi. U orqada uzun paslar bilan bizga katta yordam berdi. Abduqodir hali o‘sishi kerak, o‘yinlarda yanada ko‘proq ishtirok etib, o‘zini to‘liq namoyon qilishi lozim. Bugun u maydondagi eng yaxshi futbolchi edi”, dedi Gvardiola.
Shuningdek, ushbu bahsda haftaning boshida ijaradan qaytarib olingan Alleyn himoya markazida Husanov bilan birga harakat qildi. Uchrashuvning 40-daqiqasida Erling Holand penaltidan aniq zarba bilan hisobni ochgan bo‘lsa, 60-daqiqada Kaoru Mitoma tomonidan kiritilgan gol uchrashuvda durangni ta’minladi. Shu tariqa, “Manchester Siti” ketma-ket uchinchi o‘yinda ham durang bilan cheklanishga majbur bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, hozirda Pep Gvardiola shogirdlari Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida 43 ochko to‘plab, peshqadam “Arsenal”dan 5 ochko kam topgan holda 2-o‘rinda bormoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!