Jinoyat

Hokimiyat vakilining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi

Hokimiyat vakilining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi

Korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, adolat va qonun ustuvorligiga putur yetkazadigan hamda jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan jiddiy tahdid hisoblanadi.

Mazkur illatga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi tadbirkordan noqonuniy ravishda 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, u joriy yilda Uchtepa tumani hududida buzilishi rejalashtirilgan savdo do‘konlari va boshqa obyektlar ro‘yxati tuzilayotganini bahona qilib, tadbirkorga tegishli do‘konni tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali ushbu ro‘yxatga kiritmaslik va buzdirib yubormaslik evaziga pul talab qilgan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.