Jahon

«Ko‘z yumish»: Nima uchun Rossiya prezidenti Putin Maduroning AQSh tomonidan o‘g‘irlab ketilishiga sukut saqlamoqda?

«Ko‘z yumish»: Nima uchun Rossiya prezidenti Putin Maduroning AQSh tomonidan o‘g‘irlab ketilishiga sukut saqlamoqda?

Ekspertlarning fikricha, Rossiya yetakchisi Vashingtonning bu aralashuvidan manfaatdor bo‘lishga intiladi, biroq ayni paytda navbat o‘ziga kelishidan ham xavotirda.

Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida prezident Vladimir Putinning «Biz o‘zimiznikilarni tashlab qo‘ymaymiz» degan iqtibosi tushirilgan mem virus kabi tarqaldi. Bu so‘zlar u bir paytlar Moskvaning «asosiy ittifoqchilari» deb e’lon qilgan yetakchilar suratlari yoniga joylashtirilgan.

U yerda 2011-yilda ag‘darilgan va o‘ldirilgan Liviya yetakchisi Muammar Qaddafiy, 2024-yilda ag‘darilib, Moskvaga qochgan Suriya prezidenti Bashar al-Asad va 2014-yilda Moskvaga qochib kelgan ukrainalik Viktor Yanukovich bor edi.

Va nihoyat, suratlar orasida Putinning venesuelalik hamkasbi Nikolas Maduro ham bor edi. Maduro o‘tgan shanba kuni AQShning «Delta Force» maxsus bo‘linmasi tomonidan yotoqxonasidan sudrab olib chiqildi va hozirda Nyu-Yorkda narkotik moddalar savdosi ayblovi bilan sudni kutmoqda.

AQSh kuchlari Maduroni o‘g‘irlashdan oldin Rossiya tomonidan Venesuelaga yetkazib berilgan va «strategik ittifoq» doirasida dengiz hamda aeroportlarga o‘rnatilgan «Buk-2MA» havo hujumidan mudofaa tizimlari va radarlariga zarba berdi. Biroq, Moskva va Karakas o‘rtasidagi mudofaa shartnomasi noaniq edi va u xorijiy bosqin sodir bo‘lganda zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutmagan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Maduroning qo‘lga olinishini «qabul qilib bo‘lmas qurolli tajovuz akti» deb atagan bo‘lsa-da, Putinning o‘zi hech narsa demadi, harbiy aralashuv haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas.

«Putin obro‘si va nufuziga zarba berildi»

Kuzatuvchilarning Al Jazeera’ga aytishicha, Rossiya uchun oqibatlar ikki xil: Kremlning xalqaro obro‘siga putur yetdi, biroq uzoq muddatli istiqbolda Moskva uchun Ukraina va sobiq Ittifoq hududida (jumladan, energiyaga boy Markaziy Osiyoda) «erkin harakat qilish» imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

«Bir tomondan, Putinning obro‘siga putur yetdi, chunki Maduro uning Lotin Amerikasidagi eng sodiq ittifoqchisi edi», — deydi Londonda joylashgan «Central Asia Due Diligence» tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov. «Biroq Putin uchun Tramp o‘rnatayotgan yangi dunyo tartiboti ancha muhimroq».

Ekspertning fikricha, bu ittifoqchining qiymati Tramp barpo etayotgan yangi dunyo tartibotidan ustun bo‘la olmaydi. «Ushbu yangi dunyo tartiboti endi xalqaro huquqqa emas, balki kuch ustuvorligiga asoslanadi», — deydi u.

Maduro bilan sodir bo‘lgan voqea Moskvaning 2024-yil dekabrida Suriya muxolifati Damashqni egallaganida Asadni himoya qilmaganiga o‘xshaydi. Bir nazariyaga ko‘ra, Tramp va Putin o‘tgan avgust oyida Alyaskaning Ankorij shahridagi sammitda Maduroni «hisobdan chiqarib» bo‘lishgan.

«Ehtimol, Ankorijda yoki undan oldinroq dunyodagi manfaatlar doirasini cheklash haqida suhbat bo‘lgan», — deydi Bremen universiteti tadqiqotchisi Nikolay Mitroxin. Kelishuv Trampning Ukraina bo‘yicha yon berishi evaziga Rossiyaning Arktika hududlaridagi uglevodorodlarni birgalikda o‘zlashtirishni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin.

AQSh neft kompaniyalari va geosiyosiy manfaatlar

AQSh kompaniyalari G‘arbiy Sibirdagi dunyodagi eng yirik slanets neft konlarini o‘zlashtirishda ishtirok etishi mumkin. Rossiya firmalarida bunday texnologiyalar yetishmaydi. Bu esa Oq uyga bir o‘қ bilan ikki quyonni urish imkonini beradi: Rossiyani nazorat qilish va Xitoyning u yerga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Kiyevlik tahlilchi Aleksey Kushchning fikricha, Maduroning yo‘qotilishi Rossiya uchun katta xavf tug‘dirmaydi, chunki Kreml nazoratidagi OAV bu voqeadan Vashingtonning «imperializmi»ni qoralash uchun foydalanmoqda.

«Putin Trampga yaqinlashib qolmaydi»

Karnegi tahlil markazi eksperti Galiya Ibragimovaning fikricha, Maduroni qurbon qilish Putinga Tramp bilan aloqalarni darrov tiklashga yordam bermaydi. «Maduroning qo‘lga olinishiga ko‘z yumish bilan Putin Trampga yaqinlashib qolmaydi», — deydi u.

Ibragimovaning aytishicha, Putinni eng ko‘p qo‘rqitadigan narsa — Maduroning atrofida amerikaliklarga ma’lumot sizdirgan odam borligidir. Endi Putin o‘z xavfsizligini yanada kuchaytiradi. Shuningdek, Maduroning «olib ketilishi» Putinni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni o‘g‘irlash rejalarini tuzishga ilhomlantirishi mumkin.

Maduro 2013-yilda hokimiyatga kelganidan beri Putin bilan o‘nlab marta uchrashgan, har bir tashrif «abadiy do‘stlik» haqidagi balandparvoz gaplar bilan o‘tgan. Oktyabr oyida Maduro Putindan S-300 tizimlari uchun raketalar, samolyotlarni ta’mirlash va moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan. Moskvaning bu so‘rovga javob bergani noma’lum.

Maqola muallifi: Xusniddin Jumaboyev