Jahon

Maduroning qulashi: Rossiya o‘z ittifoqchisini Ukrainaga «ayirboshlaydimi»?

Maduroning qulashi: Rossiya o‘z ittifoqchisini Ukrainaga «ayirboshlaydimi»?

Putin yana bir bor o‘zini ishonchsiz ittifoqchi sifatida ko‘rsatdi. Politico nashrining yozishicha, AQShning Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazgan chaqqon operatsiyasi Kremlning G‘arbga qarshi rejimlar bilan qurishga uningan «ko‘p qutbli dunyo»si naqadar ojiz ekanini isbotladi.

Dunyo bunday holatga ilgari ham guvoh bo‘lgan: Rossiya Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olayotganda Armanistonga yordam bermadi, Suriyada Asad rejimini saqlab qololmadi va AQSh hamda Isroil Eronga zarba berganda ojiz qoldi. Endi esa Moskvaning ko‘p yillik ittifoqchisi bo‘lgan Venesuela tahqirli holatga tushib qoldi, Rossiya esa faqat quruq gaplar bilan cheklanmoqda.

Buning fonida Tramp qat’iyatli ko‘rinmoqda, Putin esa tezkor «blitskrig»lar o‘rniga, Ukrainaga qarshi millionlab qurbonlar berilayotgan urushning beshinchi yiliga qadam qo‘ymoqda. Aslida, bularning barchasi Rossiya va uning xayoliy «buyuk davlat» maqomi uchun global miqyosdagi ommaviy tahqirdir. Rus ittifoqchilari hal qiluvchi lahzalarda o‘z «do‘stlariga» xiyonat qilishadi va harakat o‘rniga balandparvoz, puch bayonotlardan boshqa narsa berishmaydi. Rossiya aslida qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinmoqda: yadroviy zarbalar bilan tahdid qiladigan, ammo muhim pallada hech narsaga qodir bo‘lmagan davlat. Putin Rossiyasi vahimali emas, balki ayanchli ko‘rinmoqda — u faqat Ukrainada urush olib borishga, minglab odamlarni o‘ldirishga qodir, lekin yillar davomida ittifoqchi deb ataganlarini himoya qilishda mutlaqo ojiz. Bu butun dunyoga ayon bo‘lgan to‘liq siyosiy va ma’naviy mag‘lubiyatdir.

Nikolas Maduroning ag‘darilishi va Venesuelada avj olgan qonli g‘alayonlar ortida dunyoni qayta bo‘lib olishga qaratilgan ulkan geopolitik savdo — «sferalar almashinuvi» yashiringan bo‘lishi mumkin. Reuters agentligining 2026-yil yanvaridagi tahliliga ko‘ra, Kreml Venesueladek strategik ittifoqchisini boy berayotgan bo‘lsa-da, buni Donald Tramp bilan «katta bitim» tuzish uchun qulay imkoniyat deb bilmoqda. Moskvaning mantig‘i kundek ravshan: «Men Ukrainadagi urushni o‘z shartlarim asosida tugataman, sen esa Venesuelani tinch qo‘y va mening ta’sir doiramga aralashma».

Ushbu strategik «oldi-berdi» doirasida Rossiya Lotin Amerikasidagi eng yirik sherigi Maduroni qurbon qilish evaziga AQShdan «Monro doktrinasi»ning tan olinishini kutmoqda. Ya’ni, Vashington o‘z «hovlisi» hisoblangan G‘arbiy yarim sharda (Venesuelada) hukmronligini tiklasin, biroq evaziga Rossiyaning Ukraina, Kavkaz va Markaziy Osiyodagi mutlaq ta’sir doirasiga daxl qilmasin. Putin uchun Maduro rejimini saqlab qolishdan ko‘ra, Trampning pragmatik «Yovvoyi G‘arb» uslubidan foydalanib, sobiq Ittifoq hududlarida nazoratni qonuniylashtirib olish muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Kremlning sukuti bu kelishuvning amalga oshayotganidan darak beradi. Reuters manbalariga ko‘ra, AQSh prezidentining Venesuela inqiroziga botib qolishi Rossiyaga Ukrainada, Xitoyga esa Tayvan masalasida erkin harakat qilish uchun kerakli vaqt va siyosiy maydonni taqdim etadi. Shu tariqa, Venesuela xalqining fojiasi va Maduroning tahqirli mag‘lubiyati katta davlatlar o‘rtasidagi yangi dunyo tartibotini belgilab beruvchi «almashinuv valyutasi»ga aylanib qoldi.

Maqola muallifi: Xusniddin Jumaboyev