Markaziy Osiyoda yangi diplomatik bosqich: Mirziyoyevning qirg‘iz-tojik kelishuvidagi hal qiluvchi o‘rni
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov haqida suratga olingan yangi hujjatli filmda mintaqaviy barqarorlik va chegara nizolarini hal etishdagi muhim burilishlar ochiqlandi. Mazkur filmda Japarov Tojikiston bilan ko‘p yillik ziddiyatlarga chek qo‘yilishida O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning beqiyos hissasini alohida e’tirof etdi.
Qurolli to‘qnashuvlardan muloqotga
Intervyuda qayd etilishicha, 2021-yilgi aprel voqealaridan so‘ng vaziyat nihoyatda keskinlashgan. Japarov o‘z safdoshlarining qarshiligiga qaramay, Dushanbaga borib Emomali Rahmon bilan o‘n soatlik og‘ir muzokaralar o‘tkazgan, biroq o‘shanda kutilgan natijaga erishilmagan. Shundan so‘ng Qirg‘iziston armiyasini zamonaviy dronlar bilan kuchaytirishga majbur bo‘lgan va 2022-yilga kelib harbiy muvozanat tiklangan.
“-Iston” tamg‘asi va iqtisodiy mantiq
Qirg‘iziston TIV rahbari Jeenbek Kulubayevning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev mintaqa rahbarlarini birlashtirishda kuchli iqtisodiy argumentlardan foydalangan. O‘zbekiston rahbari sammitlarda doim bir haqiqatni ta’kidlab kelgan: xorijiy investorlar yoki turistlar uchun chegaradagi o‘q ovozlari butun mintaqa imidjiga zarba beradi. “Ularning nazarida barchamiz ‘-iston’miz, shuning uchun nizo bor joyga sarmoya kirmaydi”, degan hayotiy mantiq tomonlarni murosaga undagan.
Tarixiy yechim va ochilgan chegaralar
Sadir Japarov aynan Mirziyoyevning qat’iy tavsiyalari va “fursatni boy bermaslik” haqidagi chaqiriqlari sabab Emomali Rahmon bilan muloqot stoli atrofiga o‘tirganini va bahsli masalalarni uzil-kesil hal qilganini bildirdi.
Bu say’-harakatlarning mantiqiy yakuni sifatida 2025-yil mart oyida Xo‘jandda tarixiy hujjat — chegaralarning tutash nuqtasi haqidagi shartnoma imzolandi. O‘sha yilning noyabr oyida barcha tomonlar ratifikatsiya jarayonini yakunlagach, to‘rt yil davomida yopiq bo‘lgan o‘tish punktlari qayta ochildi. Shavkat Mirziyoyev ushbu kelishuvni tarixiy voqelik deb atab, bir paytlar to‘siq bo‘lgan chegaralar endilikda do‘stlik va hamkorlik ko‘priklariga aylanganini ta’kidladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!