Jamiyat, O‘zbekiston

Yagona imtihon markazi “prava” olish uchun imtihon narxini 3 mln so‘mgacha — 50 foizga oshirdi

Yagona imtihon markazi “prava” olish uchun imtihon narxini 3 mln so‘mgacha — 50 foizga oshirdi

Yagona imtihon markazlarida haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy va amaliy imtihonlar uchun to‘lov 50 foizga oshirilib, har biri uchun narx 1,5 mln so‘mdan etib belgilandi. Imtihon topshirishning umumiy narxi 2 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha oshdi.   6-yanvardan Yagona imtihon markazlarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni birinchi marta topshirish narxlari 50 foizga oshirilib, nazariy va amaliy imtihonlar uchun to‘lov 1,5 mln so‘mdan etib belgilandi. Natijada imtihonning umumiy narxi 3 mln so‘mgacha oshdi.  Tarmoqlarda shu haqdagi xabarlar tarqalgandan so‘ng Demokrat.uz muxbiri telefon orqali bog‘lanib, imtihon markazi operatoridan ushbu ma’lumotni tasdiqlab oldi. Ushbu o‘zgarish kompaniya veb-saytida joylashtirilgan Ommaviy ofertada ham qayd etilgan.

Endilikda, nazariy va amaliy imtihonlarni har bir marta qayta topshirish uchun esa 1,6 mln so‘mdan to‘lov amalga oshirilishi kerak.

Bundan oldinroq birinchi marta imtihonlarni topshirish narxi 1 mln so‘m (amaliy va nazariy uchun umumiy narx 2 mln so‘m edi), har bir qayta topshirish uchun esa 1,2 mln so‘m edi. Ushbu ma’lumot kompaniya veb-saytida o‘tgan yili e’lon qilingan ofertada  qayd etilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, xususiy imtihon markazlari dastlab 2022-yil fevral oyida Toshkent shahrida, o‘sha yilning iyun oyida esa Toshkent viloyatida faoliyat boshlagandi. Imtihon markazi saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonning barcha hududlarida bunday markazlar faoliyat olib bormoqda.
Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ushbu imtihon markazlari ochilishi haqida gapirar ekan, qaysi hududda shunday imtihon markazi ochilsa, o‘sha yerda davlat o‘z funksiyasini tugatishini aytgandi.

“Endi davlat nima qilyapti, davlat aytayaptiki, biz yangi tizim qilamiz: Mana shunaqa talablar bo‘ladi. U yerda inson omilisiz elektron ravishda haydovchiga baho beradigan tizim bo‘lishi kerak, deyapti. O‘sha talablarni belgilab qo‘yyapti. Agarda qaysi hududda shu talablarga mos ravishda xususiy sektordan tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi, deyapti. Hamma viloyatda ochilsa, shu yoqdagi davlat tizimi tugaydi”, — deya ta’kidlagandi vazir.