Jamiyat

Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i va saqlanish sharoiti tekshirildi

Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i va saqlanish sharoiti tekshirildi

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asosida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Tashrif davomida muassasada jazo muddatini o‘tayotgan A.T. (Mubashshir Ahmad)ning sog‘lig‘i va saqlanish sharoiti o‘rganildi.

Monitoring jarayonida mahkumlar bilan, shu jumladan A.T. bilan ham holi tarzda suhbat o‘tkazildi va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.

Mahkum A.T.ning so‘zlariga ko‘ra:

  • muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishi bilan bog‘liq shikoyati yo‘q;

  • muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinmoqda;

  • avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar mavjud, lekin tegishli tibbiy yordam olmoqda.

Shuningdek, u muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilganligini (oshxona ishlari bilan shug‘ullanadi), qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmaganini va ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham A.T. shikoyat qilmagan. Mahkumning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi.

Bundan tashqari, holi tarzdagi suhbat davomida u hech qanday masalada murojaat qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan ushbu muassasaga 2025-yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ham mahkum A.T. tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.