Intervyu, Tahlil

“Biz erkin avlodni tarbiyalamasak, ular o‘z mohiyati bo‘yicha Rossiyaga ketaveradi” — Hamid Sodiq O‘zbekistonning migratsiya muammolari haqida

“Biz erkin avlodni tarbiyalamasak, ular o‘z mohiyati bo‘yicha Rossiyaga ketaveradi” — Hamid Sodiq O‘zbekistonning migratsiya muammolari haqida

Siyosatshunos Hamid Sodiqning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bugun ta’limda asosiy e’tiborni har tomonlama erkin avlodni tarbiyalash g‘oyasiga qaratishi kerak. Bu jarayonga esa kuchishlatar tizimlarni mutlaqo aralashtirib bo‘lmaydi.

Demokrat.uz sayti O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari, bu munosabatlarda paydo bo‘layotgan bugungi muammolarga bag‘ishlab suhbat tashkil qildi. Suhbat davomida Siyosatshunos Hamid Sodiq mamlakatning migratsiya muammolari va bunda ta’limning o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

 

Ishchi prototipi, ishchi tipini tashavvur qilib ko‘raylik. Bizning o‘rta ta’lim, xo‘sh, u bugun qanday tipdagi ishchilarni tayyorlayapti? E’tibor bersangiz bunda ikki tip ajralib turadi. Birinchidan, bizning ta’limda, ayniqsa qishloq maktablarida urib, mushtni tagida, buyruqni bajarish uchun tayyorlanadigan ishchilar tipi bor. Bu juda katta ko‘rsatkich.

Ta’limda ikkinchi bir qatlam, ikkinchi bir tip vakillari ham borki, ular xorijiy tillarni o‘rganib, IELTS olishga harakat qiladi, o‘zini rivojlantirishga intiladi, erkin bo‘lishga harakat qiladi.

Afsuski, bizda ikkinchi qatlam ko‘rsatkichi, juda kam. Shuningdek, bunday yoshlarni mehnat yo‘nalishlari ham umuman boshqa. Men yuqorida aytgan juda katta qatlamning mehnat yo‘nalishi bu Rossiyaga. Xo‘sh, nima uchun, chunki Rossiyada muhit bor. Rossiyada ham ularga xuddi shunday muomala qilinadi. Rossiya ishchi prototipi sifatida ular uchun begona bo‘lmagan joy. Rossiyada ham qonunlar yaxshi ishlamaydi, siyosiy rejim bir-biriga o‘xshab ketadi va eng muhimi bu yerdagidek muhit bor.

Shuning uchun bu yerda asosiy e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihat erkin avlodni tarbiyalash va sifatli ta’lim bo‘lishi kerak. Ta’limga kuchishlatar tizimlarni mutlaqo aralashtirib bo‘lmaydi. Ta’limni rivojlantirishni dunyoda isbotlangan ko‘plab yo‘llari bor. Shu yo‘llarni qidirish kerak. Biz erkin avlodni tarbiyalamasak, ular o‘zining mohiyati bo‘yicha Rossiyaga ketaveradi. Shuning uchun buni “yuqorida o‘tirganlar” jiddiy o‘ylashi kerak.