Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev maktablarda davomat muammosi va uning sabablari haqida fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, shunday omillardan biri bu ota-onalarning farzandini diniy ta’lim uchun xorijiy davlatlarga chiqarib yuborayotgani hisoblanadi.
Maktablarda davomat pastligining yana bir sababi bu diniy ta’lim bilan bog‘liq. Buni diniy fon deb aytishadi. Unga ko‘ra, dindorlar koʻproq boʻlgan hududlarda ota-onalar farzandini chet elga, ayniqsa, Misr bilan Madinaga katta muddatga diniy taʼlimga yuborishyapti. Bu 3-6 oy va undan ham kattaroq muddatga. Bu ham modaga aylandi. Men hatto dindor boʻlmagan oilalarda ham shuni koʻrdim. Raqamlar kesimida keltiradigan boʻlsak, bunday oʻquvchilar yuz emas, ming emas, o‘nminglab topiladi.
Bola xorijda qanday gʻoya olyapti, kimni qoʻlida taʼlim olyapti, ota-onaning diniy bilimi yaxshi boʻlmasa, farzandining nosogʻlom muhitga tushib qolganini sezmay ham qolishi mumkin. Natijasini esa 5-10 yildan keyin biladi. Ammo unda bola bilan ishlashga kech boʻladi. Bu bilan diniy taʼlim kerakmas demoqchi emasman, kimdir bolasini qori qilmoqchi boʻladi, bu ham yaxshi yoʻnalish bola qiziqsa. Lekin men diniy ta’limni sog‘lom muhitda, diniy qarashlari mavhum boʻlmagan insonlar qoʻlida va yana pedogogika, psixologiya qonun-qoidalariga amal qilingan holda berilishi tarafdoriman. Yaʼni bolaning ruhiyatini shikastlamasdan, nosogʻlom fikrlarga berib qoʻymasdan oʻrgatilishi kerak.
Bu masalani men bir necha bor koʻtarganman. Amaldorlarga agar diniy taʼlimga ehtiyoj boʻlsa, buning uchun qonuniy qilib diniy maktablar ochinglar, har hududda bittadan, ikkitadan boʻlsin deganman. U yer nazoratda boʻlsin, diniy olimlar dars bersin deganman. Ehtiyoj boʻlsa, uni qondirish uchun hamma narsa qilishadi. Oxirgi paytlarda Turkiya ham bir yoʻnalish boʻlib qoldi. Milliy gvardiya ham aynan shu uchun jalb qilindi deb oʻyladim.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!