Madaniyat, O‘zbekiston

Jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasaymoqda

Jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasaymoqda

Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʻlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʻgʻri kelayotganini qayd etdi.

Jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasaymoqda. Toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan bogʻliq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti.

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir oʻzgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi oʻtkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. Oʻzaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qoʻllab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni boʻlib qolaveradi”,
– dedi Prezident.

Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʻldagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashlangani qayd etildi. Har bir sarmoyador oʻzini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʻsdi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha bu oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʻrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Bugungi forum doirasida dunyoning ilgʻor kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beriladi.

“Bizning asosiy maqsadimiz – Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir”,
– Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʻz zimmasiga olmoqda.

Bu tamoyillar oʻtgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi

Birinchi yoʻnalish: “yashil” energetika. Energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Ikkinchi yoʻnalish: bank-moliya sohasi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha yondashuvlar qayta koʻrib chiqilmoqda. Oʻzbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.

“Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz”,
– dedi Prezident.

Uchinchi yoʻnalish: foydali qazilmalar. Oʻzbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir.

Oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilmoqda.

Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga taklif etdi.

Toʻrtinchi yoʻnalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

IT-park rezidentlari soni oʻn barobar koʻpayadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Maʼlumotlar markazi” barpo etilayotgani taʼkidlandi. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga oʻtkazish va sunʼiy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bagʻishlaydi.

Beshinchi yoʻnalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. Oʻzbekiston qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor eʼtibor qaratmoqda.

Temir yoʻl sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yoʻllarni qurish boʻyicha qoʻshma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish boʻyicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Maʼlumki, xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston va Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻllarini qurish boʻyicha dastlabki ishlar boshlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay oʻzgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va Gʻarb bilan bogʻlaydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

Oʻzbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yoʻlini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qiladi.