O‘zbekiston

Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshmay qolib ketmoqda

Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshmay qolib ketmoqda

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkiga tashrif buyurib, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo’lib o’tmoqda.

Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Yig‘ilishda 36 ta oliygoh rektorlari ham qatnashmoqda.

Davlat rahbari bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotganini qayd etdi.

Mamlakatda ham so‘nggi yillarda ilm, taʼlim va innovatsiyaga eʼtibor tubdan o‘zgardi.

Masalan, o‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shundan muhandislik-texnika yo‘nalishidagi 176 ta loyihaga 152 milliard so‘m berilgan.

Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar o‘sgan. Bu mablag‘larning 41 foizi davlat ulushi bor korxonalarga, 34 foizi xususiy sektorga va 25 foizi oliygohlarga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, oliygohlar fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklangani, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshmay qolib ketayotgani qayd etildi.

Sababi – oliygoh bilan sanoat o‘rtasida uzilish bor. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmayotgani, uskuna va dastgohlarni o‘rganmayotgani, hokim va vazirlar esa o‘rtada ko‘prik bo‘lib, buni tashkillashtirmayotgani haqida qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Prezident sohadagi muammo va yechimlarga to‘xtalib o‘tdi.

O’zbekistonda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, ularda 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilmoqda. Shundan 35 mingtasi texnika yo‘nalishida.

Hozirda 36 ta davlat oliygohida ushbu yo‘nalishda 264 ming bakalavr, 3 ming magistr o‘qimoqda. Yiliga 67 ming nafar talaba bitirmoqda.

Lekin, texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emas. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yo‘nalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida o‘qitilmaydi.

Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishida ishlamayapti.

Davlat rahbari bu borada yana bir misolni keltirdi.

Joriy yilda to‘qimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish o‘rni yaratiladi. Shundan 4 mingta muhandisga talab bor.

Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yo‘nalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Farg‘onada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 153 nafar talaba bitirmoqda.

Hokimlar o‘z hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj bo‘la turib, rektorlar bilan ishlamayotgani, oliygohlarga buyurtma bermayotgani tanqid qilindi.

Bugungi kunda butun dunyoda sanoatda tannarxni kamaytirish masalasi juda dolzarb. Xorijiy oliygohlarda “tannarx muhandisligi” (kost injiniring) degan fan bor, hatto kadrlar tayyorlanadi.

Yoki, “qiyoslash muhandisligi” (benchmarking) orqali eng yaxshi amaliyot va yutuqlar tahlil qilinib, ulardan andoza olib, ishlab chiqarishda joriy qilish o‘rgatiladi. “Qayta muhandislik” (reversiv injiniring) tayyor mahsulotni olib, ishlash mexanizmini bo‘laklarga bo‘lib, mualliflik huquqini buzmagan holda, o‘xshash mahsulot yaratishni o‘rgatadi.

Prezident birorta texnika oliygohida bularga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmaganini afsus bilan qayd etdi.

Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.

Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 5 barobar, yaʼni 9 foizdan 42 foizga oshgani bilan yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda pastligi qayd etildi. 2023 yil so‘rovnomasida atigi 8 foiz maktab bitiruvchisi shu sohani tanlagan.

Ko‘pgina professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Muhandislik bo‘yicha 9 ming 600 nafar professor-o‘qituvchining 40 foizi so‘nggi 5 yilda malaka oshirmagan.

Ayrim institutlardagi o‘qituvchilarning yuklamasi xorijga nisbatan 2 karra ko‘p. Baʼzi universitetlar ilmiy laboratoriyalaridagi uskunaning 50 foizi eskirgan, qo‘shimcha laboratoriya va zamonaviy jihozlarga ehtiyoj mavjud.