Manbada aytilishicha, Bashar Asad Fransiya rasmiylari tomonidan tinch aholiga nisbatan kimyoviy quroldan foydalanishda ayblanmoqda. Rasmiylar bunday ayblov uchun asos yetarli ekanini iddao qilib, suddan order chiqartirgan.
Suriya rahbariga, shuningdek, insoniyatga qarshi jinoyat va urush jinoyatlari sodir etish ayblovi ham yuklangan. Bashar Asad o‘z harakatlari uchun xalqaro sudda javob berishi kerakligi talab qilingan.
Fransiya rasmiylari Asadni asosan 2013-yildagi voqealar ortidan ayblovga tortishni reja qilgan. O‘sha yili mamlakat shimolidagi G‘uta hududida isyonchilar bilan janglarda keng miqyosda kimyoviy qurollar ishlatilgani aytiladi. Zarin kimyoviy moddasi qo‘llanishi oqibatida esa ko‘plab tinch aholi vakillari ham halok bo‘lgan.
Fransiyaning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘mitasi prokurorlari Suriya rahbarini hibsga olish bo‘yicha orderga eʼtiroz bildirgan. Prezidentning davlat rahbari sifatida daxlsizlik huquqiga ega ekanligi uni sudga tortishga xalaqit berishi aytilgan.
Fransiya oliy sudi vakillari hibsga olish orderini “tarixiy qaror” deya baholagan. Chunki u davlat rahbarining immunitet huquqini rad etadi.
“Milliy sud amaldagi davlat rahbarining shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega emasligini birinchi marta ochiq tarzda tan oldi”, — degan Fransiya sudi rasmiysi Klemens Bektarte.
Maʼlumot o‘rnida, Suriyada 2011-yilda fuqarolar urushi boshlangan edi. Damashq rahbarlariga muxolif guruhlar mamlakat shimoli va shimoli-sharqida mustaqil idora tashkil etishga kirishgan. Bashar Asad rejimi esa ularga qarshi urush ochgan.
Fuqarolar urushi oqibatida yarim millionga yaqin fuqaro halok bo‘lgan. So‘nggi 10 yilda 6 millionga yaqin suriyalik mamlakatni tark etgan. Mamlakat shimoli deyarli to‘liq kurd qurolli otryadlari va jangari-ektremistik guruhlar nazoratiga o‘tgan.